ZERON INVESTQo'ng'iroq
Hujjatlar

Qaytarish va almashtirish siyosati

Oxirgi yangilanish: 17 oktabr 2026

Ushbu Siyosat «ZERON INVEST» MChJ (keyingi o'rinlarda — «Sotuvchi») tomonidan sotilgan mahsulotlarga kafolat xizmati ko'rsatish, mahsulotni almashtirish va qaytarish hamda pul mablag'larini qaytarish tartibini belgilaydi. Siyosat Sotuvchining Ommaviy ofertasining ajralmas qismi hisoblanadi.

1. Umumiy qoidalar

1.1. Siyosat to'liq to'lov yoki to'lovni bo'lib-bo'lib to'lash sharti bilan tuzilgan oldi-sotdi shartnomasi (keyingi o'rinlarda — «Shartnoma») bo'yicha sotib olingan mahsulotlarga nisbatan qo'llaniladi.

1.2. Siyosat O'zbekiston Respublikasining «Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to'g'risida»gi qonuniga muvofiq ishlab chiqilgan va xaridorning qonunchilikda belgilangan huquqlarini cheklamaydi.

1.3. Xaridor to'lovlarni davom ettirishga qodir bo'lmaganligi sababli mahsulotni qaytarish (nasiyani naqdga aylantirish) ushbu Siyosat bilan emas, Ommaviy ofertaning 5-bo'limi bilan tartibga solinadi.

2. Kafolat

2.1. Yangi mahsulotga ishlab chiqaruvchining kafolati amal qiladi. Kafolat muddati mahsulot qabul qilish-topshirish dalolatnomasi bo'yicha topshirilgan kundan boshlab hisoblanadi.

2.2. Ishlatilgan mahsulotga Sotuvchi kafolat bermaydi. Mahsulotning holati va batareya sig'imi dalolatnomada qayd etiladi; xaridor mahsulotni topshirish vaqtida tekshirib oladi.

2.3. Kafolat mahsulot topshirilgandan keyin yuzaga kelgan mexanik shikastlanishlar, namlik ta'siri, uchinchi shaxslar tomonidan ochilgan yoki ta'mirlangan holatlar, batareya sig'imining tabiiy kamayishi hamda dalolatnomada ko'rsatilgan nuqsonlarga tatbiq etilmaydi.

3. Mahsulotni almashtirish va qaytarish

3.1. Xaridor sifatli mahsulotni topshirilgan kundan boshlab 10 kun ichida qonunchilikda belgilangan tartibda almashtirish yoki qaytarishga haqli. Bunda mahsulot ishlatilmagan, uning tovar ko'rinishi, zavod qadog'i va komplektatsiyasi saqlangan, xaridorning shaxsiy hisoblari qurilmadan chiqarilgan bo'lishi hamda Shartnoma va dalolatnoma taqdim etilishi lozim.

3.2. Kafolat muddatida nuqson aniqlanganda xaridor nuqsonni bepul bartaraf etishni, mahsulotni xuddi shunday mahsulotga almashtirishni yoki Shartnomani bekor qilib, to'langan summani qaytarishni talab qilishga haqli.

3.3. Sotuvchi mahsulot sifatini tekshirish yoki ekspertiza o'tkazishga haqli. Tekshiruv murojaat qilingan kundan boshlab 10 ish kunidan oshmagan muddatda o'tkaziladi va uning natijasi bo'yicha xaridorga yozma javob beriladi.

3.4. Mahsulot Sotuvchining manzilida qabul qilinadi: Toshkent shahri, Yunusobod tumani, Turkqo'rg'on MFY, Kichik halqa avtomobil yo'li ko'chasi, 36-uy, 18-xonadon.

4. Pul mablag'larini qaytarish

4.1. Mahsulot qaytarilganda yoki Shartnoma bekor qilinganda Sotuvchi xaridor amalda to'lagan summalarni qaytaradi. Bo'lib-bo'lib to'lash bo'yicha to'lanmagan qoldiq bekor qilinadi.

4.2. Pul mablag'lari qaytarish to'g'risida qaror qabul qilingan kundan boshlab 10 ish kunidan oshmagan muddatda qaytariladi.

4.3. Bank kartasi orqali to'langan summalar o'sha kartaga, naqd pulda to'langan summalar esa naqd pulda yoki xaridorning yozma arizasiga ko'ra uning hisob raqamiga qaytariladi.

4.4. To'lov jadvalidan ortiq yoki xato yechib olingan summa xaridorning murojaati tekshirilgandan so'ng 10 ish kuni ichida qaytariladi.

5. Murojaat tartibi

5.1. Murojaatlar telefon orqali, Sotuvchining manziliga yozma ravishda yoki elektron pochta orqali qabul qilinadi. Murojaatda Shartnoma raqami, xaridorning familiyasi, ismi va talabning mazmuni ko'rsatiladi.

5.2. Murojaatga 10 ish kunidan oshmagan muddatda javob beriladi.